Tibbiy va farmatsevtika faoliyati inson salomatligi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgani sababli qonunchilikda ushbu yo‘nalishlarda ishlash uchun litsenziya olish talabi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, tibbiy faoliyat faqat tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Bu shuni anglatadiki, tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi klinika, markaz yoki boshqa tashkilot belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan yuridik shaxs bo‘lishi va tibbiy faoliyat uchun amaldagi litsenziyaga ega bo‘lishi lozim.
Farmatsevtika faoliyati esa tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Bunda faoliyat turi va yo‘nalishiga qarab qonunchilikda belgilangan litsenziya talablari hamda shartlariga rioya etilishi zarur.
Litsenziya faoliyatni qonuniy amalga oshirish huquqini beradi. Tibbiy yoki farmatsevtika faoliyatini tegishli litsenziyasiz yoxud litsenziyada ko‘rsatilmagan yo‘nalishlarda amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Litsenziyalarni berish tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Huquqiy asos: O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuni, 11-modda.