Vaksinatsiya: immun himoya qanday shakllanadi va nima uchun emlashni kechiktirmaslik muhim?
я
Yuqumli kasalliklardan himoyalanishda profilaktika muhim o‘rin tutadi. Vaksinatsiya organizmni muayyan infeksiyaga qarshi oldindan tayyorlashga yordam beradigan samarali usullardan biridir. Uning ahamiyati kasallanishning oldini olish bilan birga, kasallikning og‘ir kechishi va jiddiy asoratlari xavfini kamaytirishda ham namoyon bo‘ladi.
Vaksinaning vazifasi – immun tizimiga ma’lum kasallik qo‘zg‘atuvchisini yoki uning ayrim qismlarini tanib olishni o‘rgatish. Emlash natijasida organizmda himoya javobi, jumladan antitanachalar va immun xotira shakllanadi. Keyinchalik ushbu infeksiya organizmga tushsa, immun tizimi unga tezroq va samaraliroq javob bera oladi.
Immun xotira – oldindan tayyorlangan himoya
Immun xotirani organizmning avval tanishgan xavfni eslab qolish qobiliyati sifatida tushunish mumkin. Vaksinatsiya shu imkoniyatdan foydalanib, muayyan infeksiyaga qarshi himoya shakllantirishga xizmat qiladi.
Biroq emlashni infeksiya yuqishidan mutlaq kafolat deb tushunmaslik kerak. Vaksinalarning ta’siri kasallik va vaksina turiga qarab farqlanadi. Emlangan inson ham ayrim hollarda kasallanishi mumkin, ammo ko‘plab vaksinalar kasallikning og‘ir kechishi va jiddiy asoratlari ehtimolini kamaytiradi.
Shu sababli vaksinaning foydasini baholashda faqat «kasallandimi yoki yo‘qmi?» degan savol bilan cheklanib bo‘lmaydi. Og‘ir kasallik, nogironlik va o‘limning oldini olish ham vaksinatsiyaning muhim maqsadlaridir.
Emlashning ahamiyati bir inson salomatligidan kengroq
Vaksinatsiya ayrim infeksiyalarning aholi orasida tarqalishini cheklashga ham yordam beradi. Bu esa tibbiy sabablarga ko‘ra ayrim vaksinalarni ololmaydigan insonlar uchun qo‘shimcha, bilvosita himoya yaratishi mumkin.
Bunday himoyaning darajasi infeksiya va vaksina xususiyatlariga bog‘liq. Shu bois barcha vaksinalar kasallik tarqalishini bir xil darajada to‘xtatadi, degan tasavvur to‘g‘ri emas. Shunga qaramay, emlashning o‘z vaqtida amalga oshirilishi shaxsiy salomatlik bilan birga jamoat salomatligi uchun ham ahamiyatlidir.
Qizamiq, poliomiyelit, difteriya, ko‘kyo‘tal, qoqshol va gepatit B kabi kasalliklarga qarshi vaksinalar mavjudligi ularning oldini olish imkonini beradi. Bu imkoniyatdan foydalanishda emlashlarni belgilangan tartibda olish muhim o‘rin tutadi.
Emlashdan keyingi reaksiyalar haqida nimani bilish kerak?
Vaksinatsiya haqida qaror qabul qilishda odamlarni ko‘pincha emlashdan keyin kuzatilishi mumkin bo‘lgan holatlar qiziqtiradi. Ayrim hollarda inyeksiya qilingan joyda og‘riq yoki qizarish, tana haroratining biroz ko‘tarilishi va holsizlik kuzatilishi mumkin. Bunday reaksiyalar odatda yengil va qisqa muddatli bo‘ladi.
Og‘ir nojo‘ya reaksiyalar kam uchraydi. Shunga qaramay, emlashdan oldingi muloqotga jiddiy yondashish zarur. Tibbiyot xodimiga avvalgi vaksinalardan keyin kuzatilgan reaksiyalar, allergiyalar, mavjud kasalliklar va qabul qilinayotgan dorilar haqida ma’lumot berish kerak.
Bu ma’lumotlar mutaxassisga emlashni rejalashtirishda insonning individual holatini hisobga olishga yordam beradi. Bemor esa qaysi vaksina qilinayotgani, undan keyin qanday holatlar kuzatilishi mumkinligi va qaysi vaziyatda tibbiy yordamga murojaat qilish kerakligini oldindan so‘rab olishi maqsadga muvofiq.
Vaksina turi va muddati qanday belgilanadi?
Emlash tartibi barcha insonlar uchun bir xil bo‘lavermaydi. Vaksina turi va uni olish muddati yosh, salomatlik holati, avvalgi emlashlar hamda milliy emlash taqvimiga muvofiq belgilanadi.
Shuning uchun emlashga oid qarorni tanishlar tajribasi yoki ijtimoiy tarmoqlardagi alohida fikrlarga tayanib qabul qilish yetarli emas. Shaxsning emlash tarixini va salomatlik holatini hisobga olgan holda tibbiyot xodimi bilan maslahatlashish muhim.
Vaksinatsiyaga ongli munosabat ishonchli ma’lumotdan boshlanadi. Vaksinaning vazifasi, kutiladigan foydasi va ehtimoliy reaksiyalari haqida tushunarli axborot berilishi insonning savollariga javob topishiga yordam beradi. Emlashlarni o‘z vaqtida olish esa yuqumli kasalliklardan himoyalanish imkoniyatidan to‘liqroq foydalanishga xizmat qiladi.
Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi Axborot xizmati