O‘zbekistonda xususiy tibbiyot muassasalari faoliyati amaldagi qonunchilik asosida tartibga solinadi. Fuqarolar salomatligini himoya qilish, sanitariya-epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash hamda yuqori xavfli yo‘nalishlar ustidan qat’iy nazoratni saqlash maqsadida ayrim turdagi tibbiy faoliyatlarni nodavlat tibbiyot muassasalarida amalga oshirishga ruxsat berilmaydi.
Jumladan, epidemiyaga qarshi shoshilinch choralar talab etuvchi yuqumli va karantin kasalliklarini diagnostika qilish hamda davolash, toksikologik kasalliklar, quturish, sil (tuberkulyoz), lepra va ayrim ruhiy kasalliklarni davolash taqiqlangan.
Shuningdek, infeksiya o‘choqlarida dezinfeksiya ishlarini olib borish, homiladorlikni sun’iy to‘xtatish (abort), organlarni ko‘chirib o‘tkazish va ularni tayyorlash, I–II guruh infeksiyalari bo‘yicha bakteriologik hamda virusologik tadqiqotlarni o‘tkazish ham mumkin emas.
Bundan tashqari, nodavlat tibbiyot muassasalarida tibbiy-mehnat, harbiy-tibbiy, sud-tibbiy, sud-psixiatriya va sanitariya-gigiyena ekspertizalarini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.