Milliy akkreditatsiya standartlari tibbiyot tashkilotlarida tibbiy yordam sifati va xavfsizligini ta’minlash, klinik jarayonlarni samarali tashkil etish, bemorlar huquqlarini himoya qilish hamda tibbiyot xodimlarining kasbiy kompetentligini oshirishga alohida e’tibor qaratadi. Ushbu talablarni amalda ta’minlaydigan muhim mexanizmlardan biri triaj tizimi hisoblanadi.
Triaj – bu bemorlarni tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan vaqti yoki navbatiga qarab emas, balki ularning klinik holati, hayotiy ko‘rsatkichlari hamda shoshilinch tibbiy yordamga bo‘lgan ehtiyojiga qarab ustuvorlik asosida saralash jarayonidir. Mazkur yondashuv tibbiy yordam resurslaridan oqilona foydalanish, eng og‘ir ahvoldagi bemorlarga yordamni kechiktirmasdan ko‘rsatish va bemor xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Amaliyotda triaj tizimida odatda uchta ustuvorlik toifasidan foydalaniladi.
Qizil toifa – hayoti uchun bevosita xavf mavjud bo‘lgan yoki hayotiy funksiyalari jiddiy buzilgan bemorlarni o‘z ichiga oladi. Bunday holatlarda tibbiy yordam zudlik bilan, kutishsiz ko‘rsatilishi zarur.
Sariq toifa – holati nisbatan barqaror bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida shifokor ko‘rigi, kuzatuv va tibbiy yordamni talab qiladigan bemorlarga beriladi. Mazkur toifadagi bemorlarning holati doimiy nazorat ostida bo‘lishi kerak.
Yashil toifa – hayotiga bevosita xavf tug‘ilmagan, umumiy holati barqaror bo‘lgan va ma’lum muddat tibbiy ko‘rikni kutishi mumkin bo‘lgan bemorlarni qamrab oladi.
Shu bilan birga, triaj bir martalik baholash bilan cheklanmaydi. Bemor sariq yoki yashil toifaga kiritilgan bo‘lsa ham, kutish jarayonida uning klinik holati o‘zgarishi mumkin. Shu sababli bemorlar belgilangan davriylikda qayta baholanadi. Agar holati og‘irlashsa, u yuqoriroq shoshilinchlik toifasiga o‘tkazilib, zarur tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Milliy akkreditatsiya standartlariga ko‘ra, triaj tizimini joriy etishda faqat rangli belgilar, maxsus xona yoki alohida hudud tashkil etishning o‘zi yetarli emas. Muhimi, tizim amalda uzluksiz va samarali ishlashi, barcha tibbiyot xodimlari tomonidan yagona mezonlar asosida qo‘llanilishi hamda uning natijalari muntazam monitoring va tahlil qilinib borilishidir.
To‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan triaj tizimi shoshilinch tibbiy yordamni ustuvorlik asosida tashkil etish, og‘ir bemorlarni o‘z vaqtida aniqlash, bemorlar oqimini samarali boshqarish, asossiz kutish va kechikishlarning oldini olish hamda tibbiy resurslardan oqilona foydalanish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, triaj oddiy navbatni tartibga solish tizimi emas. U klinik xavfni baholash, shoshilinch tibbiy yordamni to‘g‘ri tashkil etish va eng avvalo bemor hayoti hamda xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim klinik mexanizmdir.