Tibbiyot muassasasini tashkil etish nafaqat zarur infratuzilmani yaratish, balki amaldagi litsenziyalash talab va shartlariga to‘liq rioya etishni ham talab qiladi. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, litsenziyalash jarayonida ayrim kamchiliklar muntazam uchrab turadi va ular litsenziya olish muddatining cho‘zilishiga sabab bo‘ladi.
Eng ko‘p uchraydigan kamchiliklardan biri sanitariya qoidalari va me’yorlariga rioya etilmasligidir. Xonalarni sanitariya talablariga muvofiq tashkil etmaslik, funksional zonalarni noto‘g‘ri joylashtirish hamda sanitariya-gigiyena talablariga amal qilmaslik ekspertiza jarayonida tez-tez aniqlanadi.
Shuningdek, tibbiy uskunalar va jihozlar bilan ta’minlashda ham xatolar kuzatiladi. Faoliyat turi uchun zarur bo‘lgan tibbiy uskunalarning to‘liq mavjud emasligi yoki ularni minimal talablarga muvofiq joylashtirmaslik litsenziyalash talab va shartlariga nomuvofiqlik sifatida baholanadi.
Yana bir muhim masala tibbiyot xodimlarining hujjatlariga taalluqlidir. Xususan, shifokorlarning malaka toifasi sertifikati muddati tugagan bo‘lishi ham litsenziyalash talab va shartlariga zid hisoblanadi.
Mazkur kamchiliklarni oldindan bartaraf etish litsenziyalash jarayonining tez va samarali yakunlanishiga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va bemorlar xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.