Mazkur tadbirda Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi direktori Jaloliddin Asamutdinov ham ishtirok etmoqda
Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar sog‘liqni saqlash vazirliklarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda.
Delegatsiyaga Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Boboev boshchilik qilmoqda. Uning tarkibida, shuningdek, SSV huzuridagi Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi direktori Jaloliddin Asamutdinov ham ishtirok etmoqda.
Yig‘ilish kun tartibidan sog‘liqni saqlash sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish masalalari o‘rin olgan. Shu bilan birga, ShHT doirasida tibbiy turizmni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar alohida e’tibor markazida bo‘lmoqda.
Xususan, 2025-yil 31-avgust – 1-sentabr kunlari Xitoyning Tyantszin shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida Tibbiy turizm alyansini tashkil etish tashabbusi bugungi muhokamalarning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Yig‘ilish doirasida mazkur Alyansning ahamiyati, uning asosiy maqsadlari hamda amaliy mexanizmlari atroflicha muhokama qilinmoqda. Bu tashabbus ShHT makonida tibbiy turizmni yangi bosqichga olib chiqish, davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda tibbiy turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, kadrlar salohiyatini oshirish, ilg‘or tajribalar almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq takliflar ilgari surildi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur Alyans nafaqat tajriba almashish maydoni, balki yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, innovatsion yechimlarni joriy etish va tibbiy turizm sohasida barqaror hamkorlikni shakllantirish uchun mustahkam platforma bo‘lib xizmat qiladi.