O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-74-sonli “Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bu yo‘nalishda muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan boshlab nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi doirasida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi.
Endilikda xususiy klinikalar va boshqa nodavlat tibbiyot muassasalari o‘z litsenziyasi doirasida barcha yo‘nalishlarda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun davolash xarajatlarini qoplashda yagona bazaviy narxlar qo‘llanilishi belgilanmoqda. Bu esa tibbiy xizmatlar bozorida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, aholi uchun tanlov imkoniyatlarini kengaytirish hamda tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.