Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan "Ihlos Medservice MA" klinikasida milliy akkreditatsiyaga tayyorgarlik jarayonlari boshlandi.
Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi ekspertlari tomonidan tayyorgarlik ishlari doirasida tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini ta’minlash, ichki jarayonlarni milliy akkreditatsiya standartlari asosida tashkil etish hamda hujjatlar bilan ishlash tartiblariga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
Mashg‘ulotlar davomida klinika mutaxassislariga akkreditatsiya mezonlari, baholash jarayonlari va sifatni boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilmoqda.
Shuningdek, milliy akkreditatsiya standartlarini amaliyotga joriy etish, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda tibbiy xizmatlar sifatini muntazam monitoring qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Milliy akkreditatsiya tibbiyot tashkilotlarida bemorlar xavfsizligini ta’minlash, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda faoliyatni xalqaro yondashuvlar asosida takomillashtirishga qaratilgan.