Mazkur markaz milliy akkreditatsiyadan o‘tish bo‘yicha birinchilardan bo‘lib tashabbus ko‘rsatgani e’tiborga loyiq.
Mamlakatimizdagi eng yirik va yetakchi tibbiyot muassasalaridan biri hisoblangan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida milliy akkreditatsiyaga tayyorgarlik jarayonlari boshlandi.
Mazkur markaz milliy akkreditatsiyadan o‘tish bo‘yicha birinchilardan bo‘lib tashabbus ko‘rsatgani e’tiborga loyiq. Bu esa tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, bemorlar xavfsizligini ta’minlash va xalqaro standartlarga yaqinlashish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.
Ayni paytda muassasada Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi mutaxassislari tomonidan o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Ushbu mashg‘ulotlar davomida tibbiyot xodimlariga milliy akkreditatsiya talablari, sifat menejmenti tizimi hamda klinik faoliyatni zamonaviy standartlar asosida tashkil etish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalar berilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, akkreditatsiyaga tayyorgarlik jarayoni nafaqat hujjatlar bilan ishlash, balki butun tizimni qayta ko‘rib chiqish, ichki jarayonlarni takomillashtirish va bemorlar uchun xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan.
Intervyu:
Hikmat Anvarov, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktor muovini:
— Bugungi kunda markazimizda 2900 ga yaqin xodim faoliyat yuritadi. Har kuni o‘rtacha 1000 nafarga yaqin murojaatlar qabul qilinadi. Ularning qariyb 25 foiziga statsionar tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, kuniga 40–50 ta yirik jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.
Milliy akkreditatsiya — bu biz uchun shunchaki baholash jarayoni emas, balki xalqaro standartlarga chiqish yo‘lidagi muhim bosqichdir. Bu orqali biz tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish va bemorlar xavfsizligini ta’minlashni maqsad qilganmiz.
Begimqul Holiqulov, Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi bosh mutaxassisi:
— Hozirgi kunda ushbu muassasada milliy akkreditatsiyaga tayyorgarlik doirasida keng qamrovli o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Jarayon davomida tibbiyot xodimlariga zarur tushuntirishlar berilmoqda, mavjud tizimlar tahlil qilinib, amaliy tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Asosiy maqsadimiz muassasani belgilangan standartlarga to‘liq moslashtirish va sifat menejmenti tizimini samarali yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Bu kabi tashabbuslar mamlakatimizda tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish va sohada zamonaviy standartlarni joriy etishga xizmat qiladi.