Bemor xavfsizligini ta’minlash bugungi kunda dunyo sog‘liqni saqlash tizimining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Tibbiy xizmat sifati nafaqat zamonaviy uskunalar yoki malakali mutaxassislar bilan, balki bemorga zarar yetkazish xavfini imkon qadar kamaytirish bilan ham baholanadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har 10 nafar bemordan 1 nafari tibbiy yordam ko‘rsatish jarayonida zarar ko‘radi. Har yili 3 milliondan ortiq inson xavfsiz bo‘lmagan tibbiy yordam oqibatida hayotdan ko‘z yumadi. Daromadi past va o‘rtacha bo‘lgan mamlakatlarda esa xavfsiz bo‘lmagan tibbiy yordam tufayli har 100 nafar bemordan 4 nafari vafot etadi.
Shu bilan birga, JSST tahlillari bemor xavfsizligini ta’minlash borasida katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi. Xususan, bemorlarga yetkaziladigan zararning 50 foizdan ortig‘ini oldini olish mumkin. Oldini olish mumkin bo‘lgan zararlarning yarmi dori vositalarini qo‘llash bilan bog‘liq xatolar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, birlamchi va ambulator tibbiy yordamda yuzaga keladigan zararlarning 80 foizigacha samarali profilaktika choralarini qo‘llash orqali bartaraf etish mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bemor xavfsizligiga tahdid soluvchi eng ko‘p uchraydigan omillar qatoriga dori vositalari bilan bog‘liq xatolar, diagnostikadagi kamchiliklar, xavfsiz bo‘lmagan jarrohlik amaliyotlari, tibbiy yordam bilan bog‘liq infeksiyalar, bemorni noto‘g‘ri identifikatsiya qilish, xavfsiz bo‘lmagan qon quyish, bemorning yiqilishi, yotoq yaralari hamda venoz tromboemboliya kiradi. Mazkur holatlarning aksariyati samarali boshqaruv va sifat tizimini joriy etish orqali oldini olish mumkin.
Zamonaviy yondashuvlarda bemor xavfsizligini ta’minlashning asosiy tamoyili – aybdorni izlash emas, balki xatolar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan tizimli omillarni aniqlash va bartaraf etishdan iborat. Chunki ko‘plab tibbiy xatolar alohida bir xodimning aybi emas, balki ish jarayonidagi uzilishlar, yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan boshqaruv, kommunikatsiya yoki nazorat tizimlaridagi kamchiliklar oqibatida yuzaga keladi.
Shu bois sog‘liqni saqlash muassasalarida klinik protokollarga qat’iy amal qilish, standart operatsion tartibotlar (SOP)ni joriy etish, tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini muntazam oshirish, ichki sifat nazoratini kuchaytirish hamda akkreditatsiya tizimini rivojlantirish bemor xavfsizligini ta’minlashning muhim omillari hisoblanadi.
Bemor xavfsizligi – bu faqat tibbiy xatolarni kamaytirish emas, balki har bir bemorga xavfsiz, samarali va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishni ta’minlaydigan uzluksiz tizimdir. Aynan shu yondashuv sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, davolash natijalarini yaxshilash hamda aholining hayot sifatini oshirishga xizmat qiladi.