Tibbiy xizmatlardan foydalanayotgan har bir fuqaro qonun bilan himoyalangan huquqlarga ega. Ushbu huquqlarni bilish o‘z manfaatlarini himoya qilish, shifokor bilan o‘zaro ishonchli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish hamda sifatli va xavfsiz tibbiy xizmatlardan foydalanishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bemor tibbiyot xodimlari va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning hurmat hamda mehr-muruvvat bilan munosabatda bo‘lishini talab qilish, shifokor va davolash-profilaktika muassasasini tanlash, o‘z sog‘lig‘i, tashxisi, huquq va majburiyatlari haqida to‘liq ma’lumot olish huquqiga ega.
Shuningdek, u tibbiy aralashuvga o‘z ixtiyori bilan rozilik berishi yoki uni rad etishi, tibbiy sir saqlanishini talab qilishi, zarur hollarda boshqa mutaxassislarning konsiliumi va maslahatini olishi mumkin.
Bundan tashqari, bemor sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan sharoitda tekshiruvdan o‘tish, davolanish va parvarish qilinish, ixtiyoriy tibbiy sug‘urta doirasida tibbiy hamda boshqa xizmatlardan foydalanish huquqiga ega. Tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonida sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan taqdirda esa zararning qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishini talab qilishi mumkin.
Shuningdek, o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida advokat yoki boshqa qonuniy vakilni jalb etish huquqi ham kafolatlangan.
Agar bemorning huquqlari buzilgan deb hisoblansa, u yoki uning qonuniy vakili davolash-profilaktika muassasasi rahbariyatiga, yuqori turuvchi boshqaruv organiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Asos: O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuni.