Hududlarda xususiy tibbiyot muassasalari vakillari bilan ochiq muloqot tadbirlari davom etmoqda.
Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi mas’ul xodimlari ishtirokidagi navbatdagi ochiq muloqot Navoiy viloyatida tashkil etildi.
Markaz vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi “Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–74-son Farmoni hamda “Tibbiyot sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–170-son qarori mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirda xususiy tibbiyot sohasini qo‘llab-quvvatlash, litsenziyalash tizimini takomillashtirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
Ochiq muloqot davomida xususiy tibbiyot muassasalari vakillari tomonidan ko‘tarilgan masala va takliflar tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli tushuntirishlar hamda amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida milliy akkreditatsiya tizimi, uning afzalliklari va tibbiyot tashkilotlarini baholash jarayonlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Ishtirokchilar Navoiy viloyatidagi xususiy tibbiyot sohasining bugungi holati, mavjud imkoniyatlari hamda rivojlanish istiqbollari bilan tanishtirildi.