Koreya Respublikasining Ansan universiteti shifoxonasi bilan memorandum imzolandi
Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazida Koreya Respublikasining Ansan universiteti shifoxonasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv tibbiyot sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy tajriba almashish va mutaxassislar salohiyatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Uchrashuvda Ansan universiteti shifoxonasi delegatsiyasiga tibbiy hamkorlik markazi rahbari, professor Hong Kvan De boshchilik qildi. Tomonlar o‘zaro muloqot davomida tibbiyot xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shifokorlar malakasini oshirish hamda ilg‘or klinik tajribalarni joriy etish masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, amaliy bilim almashish va zamonaviy tibbiy yondashuvlarni joriy etish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Bu esa milliy sog‘liqni saqlash tizimida xizmatlar sifatini oshirish va bemorlar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat tibbiyot sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarni belgilab beradi.
Ushbu hamkorlik kelgusida qo‘shma ta’lim dasturlari, tajriba almashish loyihalari va tibbiyot sohasida innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.