ACHS International delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi yakunida Markaz bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
2026-yil 14–17-fevral kunlari ACHS International xalqaro tashkiloti vakillari O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi.
Tashrif doirasida delegatsiya hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi, Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi, yetakchi tibbiyot muassasalari vakillari oʻrtasida uchrashuvlar o‘tkazilib, sog‘liqni saqlash sohasida sifat standartlarini joriy etish, tibbiyot muassasalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda sifat boshqaruvi tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
ACHS International Avstraliyaning sog‘liqni saqlash sohasida baholash va akkreditatsiya yo‘nalishidagi yetakchi tashkilotlaridan biri bo‘lib, 50 yildan ortiq tajribaga ega. Tashkilot 1974-yildan buyon hukumat va professional uyushmalar bilan hamkorlikda sog‘liqni saqlash standartlarini ishlab chiqib kelmoqda.
Tashrif natijasida ACHS International hamda Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.