Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazida "Apollo Hospitals International" (Hindiston)ning Xalqaro yo‘nalish bo‘yicha bosh ijrochi direktori Y. Subramanyam boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Tibbiyot tashkilotlari assotsiatsiyasi vakillari ham ishtirok etdi.
Muloqot davomida mehmonlar O‘zbekistonda telemeditsina sohasida qator loyihalarni amalga oshirish rejalari haqida ma’lum qilib, telemeditsina xizmatlarini tashkil etishning huquqiy asoslari hamda amaldagi litsenziyalash talablari yuzasidan qiziqish bildirdi.
Markaz hamda Tibbiyot tashkilotlari assotsiatsiyasi mutaxassislari tomonidan telemeditsina faoliyatiga oid amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, litsenziyalash talablari hamda mazkur yo‘nalishda faoliyatni tashkil etish tartibi bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar sog‘liqni saqlash sohasidagi istiqbolli yo‘nalishlar, jumladan telemeditsinani rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.