Xususiy tibbiyot sohasiga qiziqish ortib borayotgan bugungi kunda ko‘plab tadbirkorlar klinika ochish tashabbusi bilan chiqmoqda. Biroq ayrim hollarda litsenziya olish jarayonida arizalarning rad etilishi tadbirkorlar tomonidan ortiqcha byurokratiya yoki biznesga qo‘yilgan to‘siq sifatida qabul qilinishi mumkin.
Aslida esa tibbiyot boshqa sohalardan tubdan farq qiladi. Agar savdo yoki xizmat ko‘rsatishdagi xato mijozning noroziligi bilan yakunlansa, tibbiyotdagi xatoning ortida inson salomatligi, taqdiri va ba’zan hayoti turadi. Shu bois bu sohada faoliyat yuritish istagi bilan bir qatorda yuksak mas’uliyat ham talab etiladi.
Tibbiy faoliyatni litsenziyalashning asosiy maqsadi tadbirkorlikni cheklash emas. Aksincha, u bemorlarga xavfsiz va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan minimal talablar bajarilganini ta’minlashga qaratilgan. Klinikada tegishli sharoitlarning mavjudligi, zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlanganlik, malakali mutaxassislar faoliyat yuritishi hamda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi shular jumlasidandir.
Shu sababli qonunchilikda belgilangan talab va shartlarga javob bermagan tibbiyot muassasasiga litsenziya berilmasligi tadbirkorga qarshi qaratilgan chora sifatida emas, balki bemorlarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishga qaratilgan mas’uliyatli qaror sifatida baholanishi lozim.
Dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida tibbiy faoliyatning litsenziyalanishi ham aynan shu tamoyilga asoslanadi. Chunki tibbiyotda yo‘qotilgan vaqtni ham, yo‘qotilgan sog‘liqni ham, yo‘qotilgan hayotni ham ortga qaytarib bo‘lmaydi.
Shunday ekan, tibbiy faoliyat litsenziyasi tadbirkor uchun to‘siq emas, balki bemor xavfsizligini ta’minlaydigan, jamiyat ishonchini mustahkamlaydigan va inson hayotini himoya qiladigan muhim kafolatdir.