Tibbiyot amaliyotida qo‘llaniladigan tibbiy qo‘lqoplar infeksiya nazoratining muhim vositalaridan biri hisoblanadi. Ular tibbiyot xodimlari va bemorlarni qon, biologik suyuqliklar hamda turli patogen mikroorganizmlar orqali yuqadigan infeksiyalardan himoya qilishga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qo‘lqop tanlashda muolaja turi, xavf darajasi va bemor bilan muloqot xususiyatlarini hisobga olish muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda tibbiyot amaliyotida asosan uch turdagi qo‘lqoplardan foydalaniladi.
Nitril qo‘lqoplar yuqori mustahkamligi, teshilish va kimyoviy ta’sirlarga chidamliligi bilan ajralib turadi. Lateks allergiyasi xavfi past bo‘lgani sababli ular zamonaviy tibbiyot muassasalarida keng qo‘llaniladi.
Lateks qo‘lqoplar elastikligi va yuqori sezgirligi bilan qadrlanadi. Ular tibbiyot xodimlariga aniq manipulyatsiyalarni bajarishda qulaylik yaratadi. Biroq ayrim hollarda allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin.
Vinil qo‘lqoplar esa qisqa muddatli va past xavfli muolajalarda qo‘llaniladi. Ularning himoya darajasi nitril va lateks qo‘lqoplarga nisbatan pastroq hisoblanadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, tibbiy qo‘lqoplar infeksiyalardan himoyalanishning muhim vositasi bo‘lsa-da, ular qo‘l gigiyenasining o‘rnini bosa olmaydi. Qo‘lqoplardan to‘g‘ri foydalanish, ularni o‘z vaqtida almashtirish hamda qo‘l gigiyenasi qoidalariga qat’iy rioya qilish infeksiyalar tarqalishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.