Bemor shifokorga murojaat qilganda sog‘lig‘i bilan bog‘liq, ba’zan esa eng shaxsiy ma’lumotlarini aytadi. Bu ma’lumotlarning maxfiy saqlanishi bemor va tibbiyot xodimi o‘rtasidagi ishonchning muhim shartidir. Shu bois shifokor sirini saqlash kasbiy odob talabi bo‘lish bilan birga, qonunda belgilangan majburiyat hamdir.
Qaysi ma’lumotlar shifokor siri hisoblanadi?
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonuni 45-moddasiga ko‘ra, fuqaroning tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganligi, sog‘lig‘ining holati, unga qo‘yilgan tashxis, tekshirish va davolash davomida olingan boshqa ma’lumotlar shifokor sirini tashkil etadi.
Demak, maxfiylik faqat tashxis yoki tahlil natijalariga taalluqli emas. Insonning tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganligi haqidagi ma’lumot ham himoya qilinadi.
Sir saqlash majburiyati kimlarga tegishli?
Qonun bunday ma’lumotlardan o‘qish, kasbiy, xizmat yoki boshqa vazifalarni bajarish paytida xabardor bo‘lgan shaxslarning ularni fuqaro yoki uning qonuniy vakili roziligisiz oshkor qilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Qonunda belgilangan holatlar bundan mustasno.
Shunday qilib, maxfiylikni ta’minlash faqat davolovchi shifokorning vazifasi emas. Ushbu ma’lumotlardan o‘z vazifalarini bajarish davomida xabardor bo‘lgan boshqa shaxslar ham ularni sir saqlashi kerak.
Qachon ma’lumotlar roziliksiz berilishi mumkin?
Qonunning 45-moddasida quyidagi holatlar belgilangan:
▪️ ahvoli og‘irligi sababli o‘z xohish-irodasini bildira olmaydigan fuqaroni tekshirish va davolash maqsadida;
▪️ yuqumli kasalliklar tarqalishi, yalpi zaharlanish va zararlanish xavfi tug‘ilganda;
▪️ ishni sudga qadar yuritish yoki sud tekshiruvi munosabati bilan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv va tergov organlari, prokuratura hamda sudning so‘rovi bo‘yicha;
▪️ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining fuqaroning ijtimoiy xizmatlar va yordamga muhtojligini aniqlashga qaratilgan so‘rovi bo‘yicha;
▪️ 14 yoshga to‘lmagan bolaga yordam ko‘rsatilayotganda uning ota-onasi yoki qonuniy vakillarini xabardor qilish uchun;
▪️ fuqaroning sog‘lig‘iga noqonuniy xatti-harakatlar yoki baxtsiz hodisa oqibatida zarar yetkazilgan deb gumon qilishga asoslar bo‘lganda.
Ushbu istisnolar ma’lumotlarni tegishli maqsadda berishga taalluqli. Ular bemorga oid ma’lumotlarni ommaga erkin tarqatishga ruxsat bermaydi.
Ma’lumotni olgan shaxs ham javobgar
Shifokor siriga oid ma’lumotlar qonunda belgilangan tartibda berilgan shaxslar ularni oshkor qilganlik uchun tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan bir xil javobgar bo‘ladi.
Bemorning o‘z sog‘lig‘i haqida ochiq gapira olishi uning ma’lumotlari himoyalanishiga bo‘lgan ishonch bilan bog‘liq. Shifokor siriga rioya etish ana shu ishonchni asrashga va bemorning shaxsiy hayotini hurmat qilishga xizmat qiladi.