Tibbiy faoliyat uchun litsenziya olishda arizani ko‘rib chiqish yig‘imi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 80-son qarorida belgilangan tartib asosida undiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF–74-son Farmoni bilan mazkur qarorga o‘zgartirishlar kiritilib, arizani ko‘rib chiqish yig‘imlarining yangi miqdorlari belgilangan.
Tibbiy faoliyat uchun litsenziya olishda arizani ko‘rib chiqish yig‘imi har bir talabgor uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 15 baravari etib belgilangan.
Ikki yoki undan ortiq tibbiy ixtisoslik bo‘yicha litsenziya olish uchun murojaat qilinganda, ikkinchi va undan keyingi har bir tibbiy ixtisoslik uchun qo‘shimcha yig‘im undiriladi. Bunda ambulatoriya va diagnostika yo‘nalishlari uchun BHMning 4 baravari, statsionar yo‘nalishlar uchun esa BHMning 5 baravari miqdorida qo‘shimcha yig‘im to‘lanadi.
Litsenziyaga o‘zgartirish kiritish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish uchun ariza berilganda, arizani ko‘rib chiqish yig‘imining 50 foizi to‘lanadi. Bunda litsenziyaga qo‘shilayotgan yoki uzaytirilayotgan ikkinchi va undan keyingi tibbiy ixtisosliklar uchun ambulatoriya va diagnostika yo‘nalishlarida BHMning 4 baravari, statsionar yo‘nalishlarda esa BHMning 5 baravari miqdoridagi qo‘shimcha yig‘imlar ham undiriladi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda arizani ko‘rib chiqish yig‘imining 50 foizi to‘lanadi, davlat boji undirilmaydi.
Ariza ko‘rib chiqilib, litsenziya berish yoki litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan so‘ng BHMning 5 baravari miqdorida davlat boji undiriladi. Litsenziyaga o‘zgartirish kiritishda esa davlat boji BHMning 2,5 baravarini tashkil etadi.