ISQua – tibbiy xizmatlar sifati va bemor xavfsizligini xalqaro mezonlar asosida baholash tizimi
Bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, bemor xavfsizligini ta’minlash va tibbiyot tashkilotlari faoliyatini xalqaro mezonlarga muvofiq takomillashtirish muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu borada xalqaro miqyosda faoliyat yuritayotgan nufuzli tashkilotlardan biri – ISQua (International Society for Quality in Health Care) hisoblanadi.
ISQua 1985-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyoning 80 dan ortiq mamlakatidagi sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari, ekspertlar, rahbarlar va tashkilotlarni birlashtiradi. Uning asosiy maqsadi – tibbiy yordam sifati va bemor xavfsizligini oshirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni ommalashtirish hamda sog‘liqni saqlash tizimida sifatni doimiy takomillashtirishga ko‘maklashishdan iborat.
ISQua faoliyatida tashqi baholash alohida o‘rin tutadi. Ushbu yo‘nalish ISQua External Evaluation Association (ISQua EEA) orqali amalga oshiriladi. ISQua EEA sog‘liqni saqlash tizimidagi sifatni tashqi baholash mexanizmlarini xalqaro mezonlar asosida ko‘rib chiqadi.
Jumladan, ISQua EEA:
- sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar standartlarini;
- akkreditatsiya va tashqi baholash tashkilotlarini;
- ekspertlarni tayyorlash dasturlarini;
- sifat va bemor xavfsizligi bo‘yicha o‘quv dasturlarini baholaydi.
Muhim jihati shundaki, ISQua EEA klinika yoki shifoxonalarni bevosita akkreditatsiyadan o‘tkazmaydi. U tibbiyot tashkilotlarini baholashga xizmat qiluvchi akkreditatsiya tizimlari, tashkilotlar va standartlarning xalqaro talablarga muvofiqligini baholaydi. Shu bois, ISQua EEA xalqaro e’tirofi milliy akkreditatsiya tizimlarini rivojlantirish va ularning ishonchliligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonda ham tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyalash tizimini xalqaro talablar asosida takomillashtirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PQ–170-son qaroriga muvofiq, 2028-yil yakuniga qadar Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazini ISQua xalqaro baholash tizimi doirasida akkreditatsiyadan o‘tkazish belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekistonda tibbiyot tashkilotlarining milliy akkreditatsiyasi uchun ishlab chiqilgan 75 ta standart ISQua EEA talablari va xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda shakllantirilgan.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar milliy akkreditatsiya tizimini yanada takomillashtirish, tibbiyot tashkilotlarida sifat boshqaruvini kuchaytirish, bemor xavfsizligini ta’minlash hamda O‘zbekistonda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni xalqaro mezonlarga yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.