Tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab tashkilotlarni qiziqtiradigan muhim savollardan biri – litsenziya muddatini uzaytirish uchun ariza topshirilgandan so‘ng, ariza ko‘rib chiqilayotgan davrda faoliyatni davom ettirish mumkin yoki mumkin emasligi bilan bog‘liq.
Amaldagi tartibga ko‘ra, agar litsenziyaning amal qilish muddati ariza ko‘rib chiqilishidan oldin tugasa, tibbiy faoliyatni davom ettirishga ruxsat berilmaydi. Shu sababli litsenziya muddatini uzaytirish bo‘yicha murojaatni oldindan amalga oshirish muhim hisoblanadi.
Litsenziyani uzaytirish uchun ariza “Litsenziya” axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali litsenziyaning amal qilish muddati tugashidan avval topshirilishi kerak.
Arizani ko‘rib chiqish muddati 30 kunni tashkil etadi. Mazkur davrda Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi tomonidan joyiga chiqqan holda ekspertiza o‘tkaziladi. Ekspertiza jarayonida aniqlangan kamchiliklar arizaning rad etilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, kelishuv organlarining tegishli xulosalarini olish ham talab etiladi. Shu bois litsenziya muddati tugashini kutmasdan, kamida 2 oy oldin murojaat qilish tavsiya etiladi.
Xulosa qilib aytganda, yuridik shaxs litsenziyaning amal qilish muddati tugashini kutmasdan, muddatni uzaytirish bo‘yicha arizani oldindan topshirishi maqsadga muvofiqdir.