Tibbiyotda qo‘l gigiyenasi – infeksion nazorat va bemor xavfsizligining muhim omili
Tibbiy yordam ko‘rsatish jarayonida qo‘l gigiyenasiga rioya qilish infeksiyalar tarqalishining oldini olish, bemorlar va tibbiyot xodimlari xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Tibbiyot muassasalarida qo‘llarga o‘z vaqtida va to‘g‘ri gigiyenik ishlov berish infeksion nazoratning asosiy choralaridan biri hisoblanadi.
Qo‘l gigiyenasiga ayniqsa bemor bilan kontaktdan oldin e’tibor qaratish lozim. Bemorni ko‘rikdan o‘tkazish, unga tegish yoki boshqa bevosita aloqa qilishdan avval qo‘llarga gigiyenik ishlov berilishi kerak. Bu tibbiyot xodimining qo‘lidagi mikroorganizmlarning bemorga yuqishi xavfini kamaytiradi.
Toza yoki aseptik muolajadan oldin ham qo‘l gigiyenasiga rioya qilish zarur. Inyeksiya qilish, kateter o‘rnatish, yaraga ishlov berish va boshqa aseptik muolajalardan avval qo‘llar tegishli tartibda tozalanishi lozim.
Yana bir muhim holat – qon yoki boshqa biologik suyuqliklar bilan kontakt xavfidan keyin qo‘l gigiyenasini bajarishdir. Bunday vaziyatlarda, jumladan, qo‘lqop yechilgandan so‘ng ham qo‘llarga gigiyenik ishlov berish talab etiladi.
Shuningdek, bemor bilan bevosita kontaktdan keyin qo‘llarni tozalash zarur. Bu nafaqat tibbiyot xodimining o‘zini, balki boshqa bemorlarni ham infeksiya tarqalishidan himoya qilishga xizmat qiladi.
Qo‘l gigiyenasi faqat bemorga tegish bilan cheklanmaydi. Bemor atrofidagi buyumlar va jihozlar – karavot, tumbochka, monitor va boshqa yuzalar bilan kontaktdan keyin ham qo‘llarga gigiyenik ishlov berish lozim. Chunki mikroorganizmlar bemor yaqinidagi buyumlarda ham saqlanib qolishi mumkin.
Alohida ta’kidlash kerakki, qo‘lqop kiyish qo‘l gigiyenasini bajarish zaruratini bekor qilmaydi. Qo‘lqopni kiyishdan oldin va yechgandan keyin, shuningdek, zarur bo‘lgan boshqa holatlarda ham qo‘llarga gigiyenik ishlov berilishi kerak.
Qo‘l gigiyenasiga muntazam rioya qilish – tibbiyot tashkilotlarida infeksion xavflarni kamaytirish, tibbiy yordam sifatini oshirish va bemor xavfsizligini ta’minlashning oddiy, ammo samarali choralaridan biridir.
Mazkur material JSSTning “My 5 Moments for Hand Hygiene” tavsiyalari asosida tayyorlandi.