Tibbiyot muassasasida shoshilinch holat yuz berganda, bemorga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar doimo tayyor holatda bo‘lishi muhim.
Tibbiy faoliyatni litsenziyalash talablarining muhim shartlaridan biri – tibbiyot muassasasida shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan jihozlangan maxsus shkaf mavjud bo‘lishidir.
Sog‘liqni saqlash vazirligining 90-sonli buyrug‘iga muvofiq, shoshilinch yordam shkafida quyidagi dori vositalari va tibbiy buyumlarning belgilangan minimal tarkibi bo‘lishi kerak:
- Analgetiklar – kamida 5 dona ampula;
- Yurak glikozidlari – kamida 5 dona ampula;
- Kortikosteroid – kamida 5 dona ampula yoki 1 dona flakon;
- Antigistamin preparat – kamida 5 dona ampula;
- Bronxolitik – kamida 5 dona ampula;
- Antikoagulyant – kamida 5 dona ampula;
- Gipotenziv preparat – kamida 10 dona ampula;
- Diuretik – kamida 5 dona ampula;
- Antibiotik – kamida 5 dona flakon;
- Insulin preparati – kamida 1 dona flakon;
- Koronar kengaytiruvchi preparat – kamida 10 dona tabletka;
- Kalsiy xlorid 10% – 10,0 ml – kamida 10 dona ampula;
- Brilliant ko‘kining spirtli eritmasi;
- Yodning spirtli eritmasi – kamida 1 dona flakon;
- Nashatir-anisli tomchi yoki uning o‘rnini bosuvchi preparat;
- Tibbiy spirt 70% – kamida 100,0 ml;
- Tibbiy spirt 96% – kamida 50,0 ml;
- Tibbiy paxta – kamida 100,0 g;
- Tibbiy bintlar: steril va nosteril – har biri kamida 4 donadan;
- Bir marta ishlatiladigan shpritslar – 2,0 ml, 5,0 ml va 10,0 ml hajmda, har biri kamida 10 donadan;
- Tomchilatib quyish uchun sistema – kamida 3 dona;
- Qon to‘xtatuvchi jgut;
- Tibbiyot termometri.
Faqat mavjud bo‘lishining o‘zi yetarli emas
Shoshilinch yordam shkafidagi dori vositalari va tibbiy buyumlarning holati muntazam nazorat qilinishi zarur.
Xususan:
– dori vositalarining yaroqlilik muddati tekshirilishi;
– qadoqlarning butligi va saqlash holati nazorat qilinishi;
– vositalarning ro‘yxat va belgilangan miqdor bo‘yicha to‘liq mavjudligi ta’minlanishi;
– ishlatilgan yoki yaroqlilik muddati tugayotgan vositalar o‘z vaqtida yangilanib va to‘ldirib borilishi lozim.
Shuningdek, shoshilinch vaziyatda kerakli vositani izlab vaqt yo‘qotmaslik uchun dori vositalari va tibbiy buyumlarni tartibli va foydalanishga qulay tarzda joylashtirish muhim.
Shoshilinch yordam shkafining belgilangan talablarga muvofiq shakllantirilishi va doimiy nazorat qilib borilishi nafaqat litsenziya talabiga rioya qilish, balki bemor xavfsizligini ta’minlash va o‘z vaqtida sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishning muhim shartidir.