Birinchisi – litsenziya.
Klinikaning amaldagi litsenziyasi borligini va sizga kerakli tibbiy xizmat unda ko‘rsatilganini tekshiring. Litsenziyasiz faoliyat noqonuniy hisoblanadi. Bunday klinikada tibbiy xizmat sifati va bemor xavfsizligiga qo‘yilgan talablarga rioya etilishi kafolatlanmaydi.
Ikkinchisi – shifokorning mutaxassisligi.
Sizni davolayotgan shifokor aynan shu yo‘nalish bo‘yicha mutaxassis ekanini aniqlashtiring.
Uchinchisi – tashxis va davolash usuli.
Sizga qanday tashxis qo‘yilgani, nima uchun aynan shu davolash usuli tanlangani hamda uning ehtimoliy xavflari haqida tushuntirish so‘rang.
To‘rtinchisi – xizmat narxi.
Yakuniy narx qancha va unga nimalar kirishini oldindan bilib oling. Chunki tahlil, muolaja, dori-darmon yoki boshqa xizmatlar uchun qo‘shimcha to‘lov bo‘lishi mumkin.
Beshinchisi – tibbiy hujjatlar.
Tekshiruv natijalari, shifokor xulosasi va boshqa tibbiy hujjatlaringizdan ko‘chirma olishni unutmang. Ular keyingi davolanishda yoki boshqa mutaxassisga murojaat qilganingizda kerak bo‘lishi mumkin.
Mazkur tavsiyalarga amal qilish sifatli va xavfsiz tibbiy xizmat olishingizga yordam beradi.