Mamlakatimizda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish hamda sifat standartlariga amal qilayotgan tibbiyot tashkilotlarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Prezidentimizning "Tibbiyot sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" 2026-yil 5-maydagi PQ–170-son qaroriga muvofiq, milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot tashkilotlari uchun qo‘shimcha qulaylik yaratildi.
Xususan, milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan tibbiyot tashkiloti litsenziyasining amal qilish muddati akkreditatsiyaning amal qilish muddatiga mos ravishda litsenziyalovchi organ tomonidan avtomatik tarzda uzaytiriladi.
Mazkur tartib takroriy litsenziyalash bilan bog‘liq ortiqcha ma’muriy jarayonlarni qisqartirish, tibbiyot tashkilotlarining vaqt va resurslarini tejash hamda ularning e’tiborini hujjatbozlikka emas, tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga qaratishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu kabi imtiyozlar tibbiyot tashkilotlarini milliy va xalqaro sifat standartlariga muvofiq faoliyat yuritishga rag‘batlantirib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.