Hamshira o‘zini o‘zi band qilgan holda muolaja xizmatlarini ko‘rsatishi mumkinmi?
Bugungi kunda aholiga uy sharoitida hamshiralik xizmatlarini ko‘rsatish amaliyoti tobora kengayib bormoqda. Ayniqsa, ukol qilish, tomchilatib dori yuborish, bog‘lov qo‘yish, qon bosimini nazorat qilish kabi muolajalar bo‘yicha fuqarolar orasida talab yuqori.
Xo‘sh, hamshira bunday xizmatlarni mustaqil ravishda ko‘rsatishi mumkinmi? Buning uchun litsenziya talab qilinadimi?
Amaldagi tartiblarga ko‘ra, hamshira shifokor tavsiyasi (retsepti) asosida ayrim muolaja xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin. Bunda faoliyat “o‘zini o‘zi band qilgan mustaqil hamshira” sifatida tashkil etiladi.
Buning uchun quyidagi talablar mavjud bo‘lishi lozim:
— hamshiralik yo‘nalishi bo‘yicha tibbiy ma’lumotga ega bo‘lish;
— diplom yoki malaka sertifikatlari mavjud bo‘lishi;
— soliq tizimida o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish;
— Sog‘liqni saqlash vazirligining axborot tizimida “mustaqil hamshira” sifatida ro‘yxatdan o‘tish;
— amalga oshirilgan muolajalarni shifokor tavsiyasi asosida qayd etib borish.
Shuningdek, bunday faoliyat davomida hamshira faqat o‘z vakolati doirasidagi muolajalarni bajarishi lozim. Tashxis qo‘yish, mustaqil davolash kursini belgilash yoki murakkab tibbiy aralashuvlarni amalga oshirishga ruxsat etilmaydi.
Agar faoliyat alohida tibbiy punkt, kabinet yoki kengroq tibbiy xizmat shaklida yo‘lga qo‘yilsa, u holda tibbiy faoliyat uchun litsenziya olish talab etiladi.