Tibbiy faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha barcha funksiyalar Markaz tomonidan amalga oshiriladi
O‘zbekistonda tibbiyot sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va bemorlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Prezidentimizning 2026-yil 5-maydagi PQ–170-sonli “Tibbiyot sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, tibbiy faoliyatni litsenziyalash tizimida muhim o‘zgarishlar joriy etilmoqda.
Mazkur qarorga asosan, 2026-yil 1-iyuldan boshlab Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi tibbiy faoliyatni litsenziyalash bo‘yicha ishchi organ sifatida faoliyat yuritadi. Markaz Sog‘liqni saqlash vazirligi nomidan tibbiy faoliyat uchun litsenziyalar berish, arizalarni ko‘rib chiqish, ekspertiza jarayonlarini tashkil etish hamda litsenziyalash bilan bog‘liq boshqa barcha funksiyalarni amalga oshiradi.
Ushbu o‘zgarishlar litsenziyalash jarayonlarini yanada tizimli, shaffof va samarali tashkil etish, sohada yagona yondashuvni ta’minlash hamda tibbiy xizmatlar sifati ustidan nazorat mexanizmlarini kuchaytirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu islohotlar fuqarolarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar xavfsizligi va sifatini oshirishga, tibbiyot tashkilotlarining mas’uliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan.
Shu tariqa, Markaz tibbiy faoliyatni litsenziyalash sohasidagi vakolatli ishchi organ sifatida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida sifat va ishonchlilikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.