Akkreditatsiyalash bo‘yicha Milliy standartlar ishlab chiqildi hamda amaliyotga tatbiq etilyapti.
Oxirgi yillarda O‘zbekiston tibbiyoti jadal rivojlanayotgani barchaga ma’lum. Buni 2017-yilda xususiy shifoxonalar soni qariyb 3,3 mingtani, bugunga kelib, 8 ming 600 dan ziyodni tashkil etayotgani misolida ham ko‘rish mumkin. Ular tomonidan umumiy tibbiy xizmatlarning 30 foizi qamrab olinayotgani, ayniqsa, e’tiborga molik.
Yana bir misol: oldinlari xususiy klinikalardagi ixtisoslik turlari 50 ta bo‘lgan, hozirda 210 tadan oshdi. Ushbu ijobiy ko‘rsatkichlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazining munosib ulushi bor.
— Markazimiz 2023-yilda Prezidentimizning tegishli qarori bilan tashkil etilgan, — deydi muassasa direktori Jaloliddin Asamutdinov. — Uning faoliyatini xalqaro talablar asosida yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘ryapmiz. Raqamli yechimlar joriy etish hamda akkreditatsiya tizimini xalqaro standartlar asosida shakllantirish ishlari olib borilmoqda.
Litsenziyalash va akkreditatsiyalashni o‘z vaqtida, sifatli, shaffof ko‘rib chiqib, inson omilini kamaytirish va qulayliklar yaratish maqsadida “CLAMO Cabinet” platformasi test rejimida ishga tushirilganini aytish zarur.
Markazda “1369” qisqa raqamli “Call markaz” tashkil etilgani ham diqqatga sazovor. O‘tgan yilda unga 510 ta murojaat bo‘lgani holda, ulardan 55 foizini litsenziya bo‘yicha masalalar tashkil etgan.
Akkreditatsiyalash yo‘nalishida ham yaxshi ishlar ro‘yobga chiqarilayotir. Jumladan:
Akkreditatsiyalash bo‘yicha Milliy standartlar ishlab chiqildi hamda amaliyotga tatbiq etilyapti.
Milliy akkreditatsiya tizimini joriy qilish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etildi.
O‘tgan yil iyun oyida xalqaro ekspertlar tomonidan bir haftalik o‘quv seminari o‘tkazildi va 11 nafar mutaxassis xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi.
Markazimiz tomonidan xalqaro hamkorlik izchil davom ettirilmoqda. Milliy standartlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ISQua xalqaro tashkilotiga ariza yubordik. Tegishli baholash jarayonlari yakuniga yetgandan so‘ng muassasamiz xalqaro akkreditatsiyadan o‘tadi.
Shu o‘rinda markazimiz tomonidan hozirgacha Toshkent shahridagi “M-Clinic” va Samarqanddagi “Meros” klinikalari Milliy standartlar bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazilganini aytish joiz. Ayni chog‘da yana 5 ta tibbiyot muassasasini Milliy akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayoni boshlangan.
Hozirga paytda litsenziyalash va akkreditatsiyalash jarayonlarini yanada soddalashtirish, tibbiyot tashkilotlari uchun teng va qulay shart-sharoitlar yaratish hamda davlat va xususiy sektor o‘rtasida samarali hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Umuman olganda, soha amaliyotiga kiritilayotgan litsenziyalash va akkreditatsiyalash bo‘yicha Milliy shaffof tizim tibbiyot tashkilotlarida xizmatlar sifatini oshirish, bemorlar xavfsizligini kafolatlash, davlat va xususiy sektor o‘rtasida raqobat muhitini kuchaytirish imkonini beradi.